Har bir bola jamiyatda munosib oʻrin egallash, oʻz qobiliyati va salohiyatini roʻyobga chiqarish huquqiga ega. Bu huquqni toʻliq taʼminlash, xususan, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish - zamonaviy taʼlim tizimining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda inklyuziv taʼlimni joriy etish va rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Inklyuziv taʼlim - bu jamoaviy harakat. Unda maxsus pedagoglar, sinf rahbarlari, fan oʻqituvchilari, psixologlar va maktab maʼmuriyatining hamjihatligi va muvofiqlashtirilgan faoliyati asosiy poydevor hisoblanadi.
Bugun 26-dekabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tumani 9-maktabda tashkil etilgan oʻquv seminarda tuman maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimining psixolog metodistlari hamda inklyuziv taʼlim sinflari tashkil etilgan maktablarda faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar ishtirok etishdi.
Oʻquv seminar umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar uchun Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tomonidan tayyorlangan metodik qoʻllanma asosida olib borildi.
Oʻquv seminarda:
- inklyuziv taʼlimda maxsus pedagogning vazifalari;
- maxsus pedagog qanday muhim shaxsiy fazilatlarga ega boʻlishi kerakligi;
- maxsus pedagogning korreksion mashgʻulotlar xonasini hamda qaysi yoʻnalishlarda ishlarni tashkil etishlari kerakligi;
- maxsus pedagog oʻquvchi bilan korreksion-rivojlantiruvchi ishlarini olib borishi uchun asosiy yoʻnalishlari va eʼtibor berishi kerak boʻlgan jihatlari;
- oʻquvchi bilan individual va guruhli korreksion-rivojlantiruvchi mashgʻulotlarida samarali natijalarga erishishlari uchun didaktik oʻyinlar, tarqatma materiallar va mashqlardan namunalar;
- maxsus pedagogning ish hujjatlari;
- maxsus pedagogning oʻquv yili uchun moʻljallangan namunaviy ish rejasi va ish rejasining har bir bandiga berilgan sharxi;
- alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquchilar uchun “Pedagogik-psixologik individual qoʻllab-quvvatlash rejasi”ni ishlab chiqish va boshqa masalalar boʻyicha ham batafsil toʻxtalib oʻtildi.
Oʻquv seminar yakunida ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.
Ushbu oʻquv seminar gibrid shaklida respublikamizning qolgan hududlaridagi psixolog metodistlar va maxsus pedagoglar uchun ham tashkil etiladi.