Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Yoshlar kuni” tashabbusi doirasida joriy yilning 5-mart kuni Tashkent International University rektori Yuldashev Iskandar Baxramovich Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 9-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchi yoshlari bilan “Rektor va yoshlar” mavzusida ochiq muloqot uchrashuvini o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida rektor I.B.Yuldashev tomonidan Prezidentimizning yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida ilgari surilgan 32 ta muhim tashabbusning mazmun-mohiyati, ularning yoshlar hayotidagi ahamiyati va ushbu tashabbuslarning amaliy natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, oliy ta’lim muassasalarida yaratilayotgan sharoitlar hamda yoshlar uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar haqida ham atroflicha so‘z yuritildi.
Muloqot jarayonida o‘quvchi yoshlar zamonaviy kasblar, xalqaro ta’lim dasturlari, talabalar hayoti hamda kelajakda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Rektor tomonidan berilgan samimiy va hayotiy tavsiyalar yoshlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida yoshlar uchun bilim olish, o‘z ustida muntazam ishlash, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish hamda Vatan ravnaqi uchun fidoyilik bilan xizmat qiladigan barkamol avlod bo‘lib yetishish muhim ekani alohida ta’kidlandi.