Joriy yilning 21-oktyabr kuni Toshkent shahar Yunusobod tumani 9-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 37 yilligi munosabati bilan “Til — millat ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida o‘quvchilar o‘zlarining kuy-qo‘shiqlari, dilbar she’rlari, ta’sirchan sahna ko‘rinishlari hamda ona tilimizni madh etuvchi chiqishlari bilan barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar. Ayniqsa, jadid bobolarimizning ma’rifatparvarlik g‘oyalari, hur fikrlari va millat ravnaqi yo‘lidagi ezgu intilishlarini aks ettirgan chiqishlar tadbirga o‘zgacha mazmun bag‘ishladi.
Tadbirning asosiy maqsadi o‘quvchilarda ona tiliga bo‘lgan mehr va ehtiromni kuchaytirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.
Ona tilimiz — milliy o‘zligimiz, ma’naviy boyligimiz va faxrimizdir! Uni asrab-avaylash, boyitish va kelajak avlodlarga sof holda yetkazish har birimizning sharafli burchimizdir.
Ona tilimiz abadiy bo‘lsin, qadri va nufuzi yanada yuksalsin!